30 Sen 2026
Sog‘liqni saqlash vaziri rahbarligidagi delegatsiya tashrifi va Kuzatuv kengashining navbatdagi yig‘ilishi
Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov rahbarligidagi delegatsiya Gustave Roussy International O‘zbekiston tibbiyot markaziga tashrif buyurdi; Kuzatuv kengashi yig‘ilishida Markazning 2026-yildagi faoliyati, yagona standartlar, Milliy referens patomorfologiya markazi va onkologik dori vositalaridan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Bugun Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi — xalqaro Gustave Roussy International O‘zbekiston tibbiyot markazida Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov rahbarligidagi delegatsiyaning tashrifi hamda Markaz Kuzatuv kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Kuzatuv kengashi a’zolari — Milliy tibbiyot markazi direktori Maqsud Saidov, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining ijro etuvchi direktori Zohid Shavkatovich Ermatov, «Health Management» markaz boshqaruv kompaniyasi direktori Aylin Akin Xasret, shuningdek, boshqa kengash a’zolari ishtirok etdi.
Tashrif davomida delegatsiya Markazda yaratilgan zamonaviy tibbiy infratuzilma, bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati, ilg‘or diagnostika va davolash imkoniyatlari hamda Markaz faoliyatini yanada rivojlantirish istiqbollari bilan tanishdi.
Qayd etilganidek, bugun Markaz Fransiyaning nufuzli «Gustave Roussy» instituti bilan hamkorlikda «Gustave Roussy International Uzbekistan» brendi va xalqaro boshqaruv asosida faoliyat ko‘rsatmoqda. Hamkorlik doirasida tibbiyot muassasasini boshqarishning zamonaviy standartlari va sifat nazorati tizimi joriy qilinmoqda. Qolaversa, 2030-yilga qadar 100 nafar yosh onkolog-jarrohning Fransiya klinikalarida malaka oshirishi rejalashtirilgan.
Kuzatuv kengashi yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar
- Markazning 2026-yildagi faoliyati;
- hududiy filiallar bilan hamkorlikni rivojlantirish;
- tibbiy xizmatlar sifatini oshirish;
- raqamlashtirish;
- zamonaviy diagnostika uskunalaridan samarali foydalanish;
- kadrlar tayyorlash, jumladan radiologiya yo‘nalishida;
- patomorfologiya xizmatini rivojlantirish;
- Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan yo‘llanma asosida yuborilgan bemorlarning davolanish xarajatlarini qoplash;
- xotin-qizlar onkologik kasalliklarini nazorat qilishni takomillashtirish;
- Milliy onkologik dori vositalaridan foydalanish va nazorat qilish komissiyasini tashkil etish bo‘yicha takliflar.
Ustuvor vazifalar
- «Gustave Roussy» instituti (Fransiya) talablari asosida onkologik bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishning yagona standartlarini joriy etish;
- muassasa laboratoriyasini markazlashtirilgan referens laboratoriyaga aylantirish;
- shifoxona negizida Milliy referens patomorfologiya markazini tashkil etish;
- onkologik dori vositalaridan foydalanish tizimini takomillashtirish.
Yig‘ilish yakunida aholiga ko‘rsatilayotgan onkologik tibbiy yordam sifatini yanada oshirish, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni keng joriy etish hamda Markaz faoliyati samaradorligini yuksaltirishga qaratilgan aniq vazifalar va ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
Markaz matbuot xizmati