06 Okt 2026
Gustave Roussyda xalqaro stajirovka
O‘zbekistonlik tibbiy onkologlar va molekulyar diagnostika yo‘nalishidagi tibbiy biolog 5–16-oktabr kunlari Fransiyaning Gustave Roussy onkologiya markazida o‘quv-amaliy stajirovkada ishtirok etmoqda. Maqsad — ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va uni O‘zbekiston onkologiya amaliyotiga tatbiq etish.
O‘zbekistonlik mutaxassislar — tibbiy onkologlar hamda molekulyar diagnostika yo‘nalishidagi tibbiy biolog — Fransiyaning yetakchi onkologiya markazlaridan biri Gustave Roussyda 5–16-oktabr kunlari o‘quv-amaliy stajirovka dasturida ishtirok etmoqda.
Stajirovka davomida mutaxassislar markazning klinik va laborator faoliyati, patomorfologiya, molekulyar va genetik diagnostika jarayonlari, onkologik bemorlarni boshqarish tizimi hamda multidisiplinar yondashuv bilan yaqindan tanishmoqda.
Dastur yo‘nalishlari
- gastrointestinal, ginekologik va torakal onkologiya
- sarkomalar
- gematologiya
- radiatsion onkologiya
- molekulyar diagnostika va Precision Medicine
- turli yo‘nalishlardagi MDT (multidisiplinar konsilium) yig‘ilishlarida ishtirok etish va klinik holatlarni muhokama qilish
Dastlabki kunlar
Stajirovkaning dastlabki kunida Gustave Roussyning Tibbiy biologiya va patologiya departamenti rahbari professor Cécile Badoual boshchiligida laboratoriya va patomorfologiya xizmatining faoliyati bilan tanishildi. Laborator diagnostika jarayonlari, namunalarni avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash tizimi, shuningdek, molekulyar va genetik tekshiruvlarning tashkil etilishi o‘rganildi.
Shuningdek, sarkomalar bo‘yicha MDT yig‘ilishida ishtirok etilib, qisqa vaqt ichida ko‘plab klinik holatlarni multidisiplinar jamoa tomonidan muhokama qilish amaliyoti kuzatildi.
Dastur davomida Gustave Roussy bosh direktori professor Fabrice Barlesi, shuningdek, markazning turli yo‘nalishlardagi yetakchi professor va mutaxassislari bilan uchrashuvlar ham rejalashtirilgan.
Maqsad
Stajirovkaning asosiy maqsadi — zamonaviy onkologik yordamni tashkil etish, molekulyar diagnostika, Precision Medicine hamda multidisiplinar yondashuv bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va kelgusida ushbu tajribani O‘zbekiston onkologiya amaliyotiga tatbiq etishdan iborat.