11 Sen 2026
Markazda beshinchi autologik suyak ko'migi transplantatsiyasi amalga oshirildi
Markazda autologik suyak ko'migi transplantatsiyasidan o'tgan Tojikistonlik bemor 2026-yil 10-sentabr kuni qoniqarli holatda shifoxonadan chiqarildi. Bu Markazda muvaffaqiyatli o'tkazilgan beshinchi shunday transplantatsiyadir.
2026-yil 10-sentabr kuni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida autologik suyak ko'migi transplantatsiyasidan o'tgan bemor qoniqarli holatda shifoxonadan chiqarildi. Bu Markazda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan beshinchi autologik suyak ko'migi transplantatsiyasi bo'lib, mamlakatimizda yuqori texnologiyali onkogematologik yordamni rivojlantirish yo'lidagi yana bir muhim qadamdir.
Ushbu klinik holatning alohida ahamiyati shundaki, bemor davolanish uchun Tojikiston Respublikasidan kelgan. Bu Markazning zamonaviy ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni nafaqat O'zbekiston fuqarolariga, balki xorijiy bemorlarga ham ko'rsatish imkoniyatlari kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Autologik suyak ko'migi transplantatsiyasi — murakkab davolash usuli bo'lib, unda bemorning oldindan yig'ib olingan o'z gemopoetik ildiz hujayralari yuqori dozali terapiyadan so'ng organizmga qayta yuboriladi. Ushbu muolaja puxta tayyorgarlik, zamonaviy texnologiyalar, qat'iy infeksion nazorat va uzluksiz klinik kuzatuvni talab qiladi.
Davolash jarayoni onkogematologlar, transplantologlar, reanimatologlar, laboratoriya xizmati mutaxassislari, klinik farmakologlar hamda o'rta tibbiyot xodimlaridan iborat multidisiplinar jamoaning muvofiqlashtirilgan faoliyati asosida olib borildi. Bemor davolashning barcha belgilangan bosqichlarini muvaffaqiyatli yakunlab, zarur tibbiy tavsiyalar bilan shifoxonadan chiqarildi.