27 Okt 2026
ONKOLOGIK DIAGNOSTIKA SOHASIDAGI HAMKORLIKNING YANGI BOSQICHI
Gustave Roussy International Uzbekistan Oncology Center va AKFA Medline University Hospital o‘rtasida patogistologik tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishi onkologik kasalliklarni aniqlash va keyingi davolash taktikasini belgilashda muhim o‘rin tutuvchi patomorfologik diagnostika sohasidagi o‘zaro aloqalarni rivojlantirishdan iborat.
Kelishuv doirasida patogistologik tadqiqotlarni o‘tkazish, kasbiy tajriba almashish hamda diagnostika jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik qilish rejalashtirilgan.
Hamkorlikning bosh maqsadi — diagnostika sifati va aniqligini oshirish, o‘z vaqtida tashxis qo‘yilishini ta’minlash hamda O‘zbekistonda onkologik tibbiy yordam ko‘rsatishning zamonaviy yondashuvlarini rivojlantirishdir.
Mazkur kelishuvning imzolanishi bemorlar salomatligi yo‘lida mamlakatimizdagi davlat va xususiy tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash sari qo‘yilgan yana bir muhim qadam bo‘ldi.