Oʻzbekiston Onkologiya Markazi HECH QACHON telefon orqali pul oʻtkazishni soʻramaydi. Toʻlovni faqat kassada amalga oshiring va har doim chek oling. Shubha tugʻilsa, 24/7 ishonch telefoniga qoʻngʻiroq qiling: 1303. Korrupsiyaga qarshi kurashish →

01 Okt 2026

«Pushti oktabr»: yurtimizda ko‘krak bezi saratoni profilaktikasiga bag‘ishlangan oylik boshlandi

Yurtimizda ko‘krak bezi saratoni profilaktikasiga bag‘ishlangan oylik boshlandi. Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamkorlar bilan birga yugurish marafoni, yoga mashg‘ulotlari, bepul konsultatsiya va tekshiruvlar, tibbiyot xodimlari uchun mahorat darslari hamda 14-oktabr kuni anjuman o‘tkazishni rejalashtirgan.

«Pushti oktabr»: yurtimizda ko‘krak bezi saratoni profilaktikasiga bag‘ishlangan oylik boshlandi

Sog‘liqni saqlash vazirligi yurtimizda ko‘krak bezi saratoni profilaktikasiga bag‘ishlangan oylik boshlanganini xabar qiladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyoda 2,4 millionga yaqin ayolga ko‘krak bezi saratoni tashxisi qo‘yilmoqda. O‘sish sur’ati saqlanib qolsa, 2050-yilga borib, bu ko‘rsatkich 38 foizga, o‘lim darajasi esa 68 foizga oshishi mumkin.

1993-yildan buyon butun dunyoda o‘tkazib kelinayotgan «Pushti oktabr» oyligi ko‘krak bezi saratoni, uning profilaktikasi va kasallikni erta aniqlash imkoniyati haqida aholi xabardorligini oshirish hamda undan davolanayotgan ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. O‘zbekistonda ham ko‘krak bezi saratoni ayollar orasida eng ko‘p uchraydigan onkologik kasallik hisoblanadi. Shu bois so‘nggi yillarda mamlakatimizda ushbu xastalikni erta aniqlash va davolash samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim choralar ko‘rilmoqda.

O‘zbekistondagi choralar

  • Prezidentimizning tegishli qarori bilan 2025–2030-yillarda Bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini nazorat qilish dasturi tasdiqlangan. Hujjatda ayollarni profilaktik tibbiy ko‘rik bilan qamrab olish, mammografiya tekshiruvlarini rivojlantirish hamda skrining natijasida aniqlangan onkologik kasalliklarni tashxislash va davolash imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan.
  • Yurtimizda har yili 1,5 million nafarga yaqin 45–65 yoshdagi ayollarni mammografik tekshiruvlar bilan qamrab olish choralari ko‘rilyapti.
  • Tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida onkonazorat xonalari tashkil etildi.
  • Mobil va statsionar mammograflar ishi 2 smenada yo‘lga qo‘yildi.

Markaz va hamkorlar rejalari

  • keng jamoatchilik ishtirokida yugurish marafoni;
  • bemorlar va ularning yaqinlari uchun ommaviy yoga mashg‘ulotlari;
  • malakali mutaxassislar ishtirokida bepul konsultatsiya va tekshiruvlar;
  • Toshkent shahri, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda respublikamizning boshqa hududlarida tibbiyot xodimlari uchun ko‘krak bezi saratoni profilaktikasi, bemorlar bilan muloqot qilish qoidalari va ularni zarur tekshiruvlarga yo‘naltirish yuzasidan mahorat darslari;
  • 14-oktabr kuni soha mutaxassislari, hamkor tashkilotlar vakillari va xalqaro ekspertlar ishtirokida anjuman.

Sana munosabati bilan soglomoktabr.cancercenter.uz sayti ishga tushirildi; u orqali yurtdoshlarimiz o‘zbek, rus va ingliz tillarida kasallik belgilari, diagnostika imkoniyatlari haqida ma’lumot va zarur tavsiyalar olishi hamda shifokor qabuliga yozilishi mumkin.

Onkologiyada ayollar: maxsus son

Pushti oktabr sharafiga «Onkologiyadagi ayollar» nomli maxsus sonni taqdim etamiz. Mammologlarimiz, jumladan Gustave Roussy International O‘zbekiston tibbiyot markazi mammologiya bo‘limi shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Zokirova Lola To‘lqunovna o‘z hikoyalari bilan o‘rtoqlashadi: ular bu kasbga qanday kelganliklari, nima uchun onkologiyani tanlaganliklari, ishlarida ularni nima ilhomlantirishi va har kuni boshqa ayollarga yordam beradigan ayol shifokor bo‘lish ular uchun nimani anglatishi haqida.

«Bugun. O‘zingiz uchun. Hayot uchun.» uchrashuvi

Oktabr — ko‘krak bezi saratonidan xabardorlik oyligi munosabati bilan onkologik kasallik bilan kurashayotgan bemorlarni o‘ziga g‘amxo‘rlik, ijodkorlik, samimiy muloqot va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan maxsus uchrashuvga taklif etamiz.

  • Sana: 2026-yil 6-oktabr, seshanba
  • Vaqt: 11:00–14:00
  • Manzil: Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, xalqaro Gustave Roussy International O‘zbekiston tibbiyot markazi

Dastur:

  • 11:00–12:00 — yoga mashg‘uloti
  • 12:00–13:00 — taqinchoqlar yaratish, mandala chizish va floristika; ikkinchi guruh uchun yoga mashg‘uloti
  • 13:00–14:00 — ikkinchi guruh uchun floristika hamda ochiq havoda zumba

Toshkentda xayriya yugurishi

10-oktabr kuni Toshkent shahrida ayollar salomatligini qo‘llab-quvvatlash va ko‘krak bezi saratoni haqida xabardorlikni oshirishga bag‘ishlangan xayriya yugurishi bo‘lib o‘tadi.

  • Sana: 2026-yil 10-oktabr
  • Boshlanish vaqti: soat 08:00
  • Yo‘nalish: Tashkent City Boulevard → Shevchenko ko‘chasidagi Matcha Club
  • Ro‘yxatdan o‘tish: DeepenWell platformasi orqali, https://go.deepen.fit/event?id=60
  • Ishtirokchilar soni: 100 nafar

Tadbir DeepenWell, Gustave Roussy International Uzbekistan va Matcha Club tomonidan Donna Glore ko‘magida tashkil etilmoqda. Marrada ishtirokchilarni Matcha Club ichimliklari, samimiy muloqot va iliq muhit kutmoqda. Barchani ushbu ezgu tashabbusga qo‘shilishga hamda ko‘krak bezi saratonining oldini olish va uni erta aniqlash g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashga taklif etamiz. Birgalikdagi har bir qadam — ayollar salomatligi va hayoti yo‘lidagi muhim qadamdir.

Aksiyada faol ishtirok eting!

Tibbiy ma'lumot bo'yicha eslatma

Saytdagi ma'lumot bemorlarni yo'naltirish uchun beriladi. U shifokor maslahati, tashxis, davolash qarori yoki shoshilinch yordam o'rnini bosmaydi.

Kontaktlar
Fikr-mulohaza

Biz cookie-fayllardan foydalanamiz

Saytni xavfsiz ishga tushirish uchun ba'zi cookie-fayllar zarur. Sizning ruxsatingiz bilan biz saytdan qanday foydalanilayotganini tushunish va uni yaxshilash uchun analitik cookie-fayllardan ham foydalanmoqchimiz. Siz buni qabul qilishingiz yoki rad etishingiz, va tanlovingizni istalgan vaqtda o'zgartirishingiz mumkin. Batafsil: Cookie-fayllar siyosati.