Вон Жа ЛИ: “Ўзбекистон онкологиясида бошқарув менежментини ривожлантириш орқали тиббий хизмат сифатини янада яхшиламоқчиман»

Ma’lumotlarga qaraganda, bugun dunyoda onkologik xastaliklar o’lim xavfi yuqori bo’lgan kasalliklar ro’yxatida etakchi o’rinda turadi.

Ochig’ini aytish kerak, yurtimizda ham bu xastalik tashxisi qo’yilgan bemorlar soni kam emas. Shu bois mamlakatimizda saratonni o’z vaqtida aniqlash va unga to’g’ri tashxis qo’yish, sohaga zamonaviy jarrohlik amaliyotlarini keng tatbiq etish, bu orqali bemorlar salomatligini yaxshilash muhim masala hisoblanadi.

Sog’liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori maslahatchisi etib tayinlangan Janubiy koreyalik mutaxassis — professor Von ja Liga onkologik kasalliklarning kelib chiqish sabablari va ularning oldini olishga doir savollar bilan murojaat qildi.

— Janob Li, ma’lumki, bugun dunyo bo’ylab onkologik xastaliklarga chalinish holatlari soni ortib bormoqda. Bunga asosan qanday omillar sabab bo’lyapti?

— Birinchi navbatda, yashash hududlarida kantserogen moddalarning tarqalishi kasallikning avj olishiga keng yo’l ochmoqda. Shuningdek, global iqlim o’zgarishi, oziq-ovqat va ichimlik suvi tarkibida sun’iy qo’shimchalarning ko’payishi hamda turli zararli odatlar bemorlar soni ortishiga sabab bo’layotir.

To’g’ri, ushbu xavf omillari birdaniga saratonni keltirib chiqarmasligi mumkin, biroq unga qayta-qayta ro’baro’kelish kasallikka chalinish xavfini oshiradi. Misol uchun, 2,5 pikometrdan 10 pikometrgacha bo’lgan chang juda zararli hisoblanadi. Chunki u burun bo’shlig’ida ushlanib qolmay, to’g’ridan to’g’ri o’pkaga o’tadi. Bu esa katta ehtimol bilan saratonga olib keladi.

Bundan tashqari, bugun dunyo aholisining umr ko’rish yoshi ancha uzaygan. Ya’ni, odam ulg’aygani sari saratonga moyillik ortadi. Shu bilan birga, ayni paytda dunyoda kasallikni tashxislash ancha rivojlangan. Bu ham onkologik xastaliklar statistikasining oshishiga olib kelmoqda.

— Janubiy Koreyada aholini saratondan himoya qilish uchun qanday choralar mavjud?

— Bugungi kunda yurtimizning har bir okrugida salomatlik markazlari faoliyat yuritadi. Ular tomonidan onkologik va boshqa xavfli xastaliklardan himoyalanish uchun jismoniy faollik dasturlari targ’ib qilinadi. Mahalliy aholi esa ushbu tavsiyalarga qat’iy amal qiladi. Shuningdek, PR xizmati orqali ham kasallikka qarshi targ’ibot tardbirlari samarali olib boriladi.

Yana bir muhim jihat, Janubiy Koreyada tamaki chekuvchilar uchun maxsus hududlar tashkil etilgan. Jamoat joylarida chekish esa qat’iy taqiqlangan. Agar kimdir xatoga yo’l qo’ysa, unga katta jarima, hatto, qamoq jazosi qo’llanilishi mumkin.

— O’zbekistonda onkologik kasalliklarning oldini olish uchun qanday usullarni amaliyotga tatbiq etish lozim, deb o’ylaysiz?

— Eng avvalo, tibbiy sug’urta tizimini rivojlantirish kerak. Agar bu loyiha to’liq yo’lga qo’yilsa, aholiga ko’rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifati yanada yaxshilanib, unga bo’lgan talab ortadi. Bu esa kasalliklarni erta aniqlash imkonini beradi.

Shuningdek, saraton chalingan bemorlarni davolashda shifo maskanlarining zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlanganlik darajasi yuqori bo’lishi lozim. Sababi kasallikning oldini olishda erta tashxis eng muhim omil ekanini inobatga olsak, bu ishni ilg’or tibbiy jihozlarsiz amalga oshirib bo’lmaydi.

Qolaversa, aholiga bu yo’nalishdagi tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish lozim. Shu bois O’zbekistondagi faoliyatim davomida sohada boshqaruv menejmentini rivojlantirish, xususan, onkologik kasalliklarni barvaqt aniqlash, mahalliy shifokorlarning xalqaro ilmiy loyihalarda faol ishtirok etishiga yaqindan ko’maklashmoqchiman.

Orqaga qaytish