RADIOTERAPIYADA SO’NGGI TEXNOLOGIYALAR

(yoxud respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazida saratonni davolash tajribalari)

Jarrohlik va kimyoviy muolajalar bilan bir qatorda saraton kasalligini davolashda qo’llaniladigan uchta asosiy vositalardan biri radioterapiyadir. Ushbu usulning samaradorligi asosan texnologiya va jihozlarning imkoniyatlariga bevosita bog’liq bo’lganligi sababli, so’nggi yillarda bu sohada sezilarli yutuqlarga erishildi.
Nur terapiyasi saraton kasalligiga chalingan bemorlarning 80 foizini davolash uchun qo’llaniladi.

Radioterapiya davolash usulidan deyarli barcha saraton kasalliklarini davolash, Qaytalanishning oldini olish yoki saraton rivojlanishini sekinlashtirish va ba’zi yaxshi (saraton bo’lmagan) sifatli o’smalarni davolashda foydalaniladi.
Onkologiyada radioterapiyadan foydalanishning bir necha turlari mavjud. Masalan:
1.Neoadyuvant terapiya (operasiyadan oldin o’simta xajmini kichraytirish uchun qo’llaniladi).
2.Ad’yuvant terapiya (jarrohlik amaliyotidan keyin saqlanib qolishi mumkin bo’lgan o’sma hujayralari o’sishini to’xtatishda foydalaniladi).
Ba’zi xollarda radioterapiya yagona davolash usuli sifatida qo’llaniladi. Davo o’tkazish jarayonida o’sishni davom ettirgan saratonlarda simptomlarni engillashtirish va insonning hayot sifatini yaxshilash uchun palliativ (yoki kasallikning simptomlariga qarshi simptomatik) davo sifatida xam radioterapiya naf beradi.
Boshqa davolash usullari bilan birgalikda davo samarasini oshirish uchun xam birgalikda qo’llash uchun radioterapiyaga murojaat qilinadi.
Radioterapiyani ishlatishdan maqsad – qo’shni sog’lom to’qimalar va xayot uchun muhim a’zolarga nur berilishidan so’ng kelib chikishi mumkin bo’lgan zararni kamaytirgan xolda, nur terapiyasi yordamida o’smalarni yuqori samarali va xavfsiz davolashdan iborat. Buning uchun mutaxasisslar birinchi navbatda o’simtani diqqat bilan tekshirishlari va davolash rejasini tuzishlari kerak.
Keyin radioterapiya uskunasidan foydalanib, o’smaga maxsus hisoblangan nur bilan davolash o’tkaziladi.
Hozirda markazda tashqi (Elekta Infinity) va ichki (braxiterapevtik uskunalar Flexitron va Gammamed pluse) nur terapiyasi davolash uskunalaridan foydalaniladi.
Respublikaning barcha filiallariga tashqi va ichki nur terapevtik uskunalari o’rnatilgan, ammo onkologiya markazidagi uskunalar o’zining yuqori samaradorligi va murakkab joylashgan o’sma to’qimasini xam davolay olishi bilan ajralib turadi.
Nur terapiya kursini o’tkazish uchun, davo rejasi bir necha murakkab bo’lgan amaliyotlardan keyin tayyor bo’ladi. Bu ketma – ketlik quyidagicha tushuntiriladi:
Bemorda birinchi navbatda nur berilishi kerak bo’lgan soha fiksasiya (qotirib yo siljimaydigan) kilib olinadi. Buning uchun maxsus niqoblar va matraslar qo’llaniladi. Niqob tayer bo’lgach maxsus kompyuter tomograf orkali soxa skanerlab olinadi.

Olingan ma’lumotlar nur terapiyasini rejalashtirish moslamasida chizib tayyorlanadi. Xuddi shu joyda qaysi sohaga nur berilishi va qaysi a’zolardan extiyot bo’lish kerakligi aniqlanib olinadi.

Tayyor bo’lgan reja tibbiyot fiziklariga nur yo’nalishini aniklab berish uchun tarmoqlar orqali etkaziladi.Tibbiyot fizigi olingan ma’lumotlarga asoslanib nur davosini rejalashtiradi. Shifokorga bir nechta reja taqdim qilinadi va shifokorlar konsiliumiga asoslanib eng zararsiz reja tanlanadi.
Reja tanlangandan so’ng maxsus fantom (nur rejasini tekshiruvchi moslama) orkali tekshirib olinadi.

Xamma muolajalar tayyor bo’lgandan so’ng nur bilan davolash rejasi oxirgi tekshiruvdan o’tadi shundan keyin nur davosi boshlanadi. Bemorni nurterapiya apparatiga joylashtirganimizdan so’ng, oldin tayyorlab olingan niqob kiydiriladi va konuslik rentgen nurlari orkali bemor niqob ichida to’g’ri yotgani tekshirib olinib, kami-ko’sti bo’lsa to’g’rilanib undan so’ng davo muolajasiga ruxsat beriladi.
Respublika onkologiya markazida so’nggi yillarda saraton kasalligini davolashda nur terapiyasi usulini qo’llashda ayniqsa yuqori yutuqlarga erishildi.

Birinchidan, davolashga bo’lgan yondashuv o’zgardi – bugungi kunda biz «moslashuvchan davolash» deb ataladigan usulni qo’llaymiz, bunda davolash rejasi radiasiya natijasida o’simtaning o’zgarishiga qarab rejalashtiriladi.
Ikkinchidan, kasallikning kech bosqichlarida metastazlarni davolash amalga oshiriladi. Ilgari, bunday hollarda radioterapiya faqat og’riqni yo’qotish yoki kisman inson hayotini uzaytirish uchun qo’llanilar edi. Ammo o’tkazilayotgan davolash usullari shuni ko’rsatadiki, ba’zan yuqori dozalarda maxalliy nur terapiya o’tkazish yashovchanlik ko’rsatgichini bir necha oydan bir necha yillarga cho’zish imkonini berdi.
Aynan metastazlar va kichik xajmdagi o’smalarni davolash uchun radiojarroxlik usuli qo’llaniladi. Oddiy nur terapiyasi usuli radiojarrohlikdan tubdan farq qiladi. Asosan, bu usullarning ikkalasi ham masofaviy nur terapiyasi usullariga tegishli. Radioterapiya odatda bir necha xafta davomida ko’plab seanslarda (fraktsiyalar deb ataladi) amalga oshiriladi. Radiojarrohlik bir fraktsiyada amalga oshiriladi.
Radioterapiyasi termoplastik materiallar yordamida, radiojarrohlikda esa stereotaksik ramka yordamida qattiq fiksasiyadan foydalaniladi.
Uchinchidan, bugungi kunda nur terapiyasining aniqligi va sifati sezilarli darajada oshdi. Chiziqli tezlatgich uskunasida ko’p qavatlik kollimatorning borligi bemor to’qimalarining eng kichik xajmini hisobga olish imkonini berdi.
Jamshid Alimov, Riovariatm radioterapiya bo’limi mudiri.
Nargiza Karimova, Riovariatm radioterapiya bo’limi radiasion onkologi, tibbiyot fanlari nomzodi.

Orqaga qaytish